Бош саҳифа / Таълим / Imtiyozli o‘qishga kirish uchun nima qilish kerak?

Imtiyozli o‘qishga kirish uchun nima qilish kerak?

Bilim olishning, o’qib-o’rganishning erta-kechi yo’q. Shahnoza Choriyeva ham ana shu maqsad yo’lida tinib-tinchimadi, mehnatdan, tashabbus va targ’ibotdan charchamadi. Natija esa uni marraga yetkazdi.

O’zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida ko’p yillik mehnati, faol yetakchilik faoliyati, yoshlarni vatanparvarlik ruhida kamol toptirishda qilgan mehnatlari munosib rag’batlantirildi va Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi 914-sonli qarori hamda respublika komissiyasining 2020-yil 25-maydagi qaroriga muvofiq Shahnoza Choriyevaga oliy ta’lim muassasasiga imtiyozli o’qishga kirishi uchun tavsiyanoma berildi. Bu Shahnozaga olam-olam quvonch, orzular ro’yobini his etish baxtini berdi.

Angorlik qahramonimiz  20 yoshida tumandagi 39-umumta’lim maktabida musiqa fanidan o’quvchilarga saboq berish ila o’z faoliyatini boshlagan bo’lsa, keyin psixolog, so’ng maktabning Kamolot yoshlar ijtimoiy harakatining yetakchisi ham bo’ldi.

—  Yoshlar bilan ishlash jonu dilim, — deydi Sh. Choriyeva. — Ularning barchasi iqtidorli, faqat kerakli tavsiya va yo’l-yo’riqni ko’rsatib to’g’ri yo’lga yo’naltira olsangiz bo’lgani. Maktabdagi faol o’quvchilarni birlashtirib, avvaliga maktabda, so’ng tuman va viloyat miqyosida bo’ladigan ko’rik-tanlovlarda ishtirok etishni boshladik. “Bilimdon” intellektual o’yini, “Prezident asarlari bilimdoni”, “Eng yosh kitobxon” kabi shu va boshqa tanlovlarda bilimimizni sinadik, hech kimdan kam emasligimizni isbotladik. Natijalar ham yomon bo’lmadi. Bu tanlovlar o’quvchilarimning o’ziga bo’lgan ishonchini oshiradi. Mehnatingiz ana shunday yaxshi natijalarga ulansa, yanada jo’shib ishlayverarkansiz.

Tinib-tinchimas yetakchi nafaqat yoshlarni qo’llab-quvvatlashni, balki o’z ustida ishlashni ham kanda qilmadi. U shu kunga qadar “Eng namunali maktab sardorlari Kengashi”, “Eng namunali sinf sardorlari Kengashi”, “Kamalak bilimdonlari”, “Yoshlar shaxmat taxtasi” kabi respublika tanlovlari ishtirok etib, faxrli o’rinlarni egallab keldi.

—  Yetakchilik menga ko’p narsalarni berdi, — deydi Shahnoza. — Siyosiy bilimga ega bo’ldim, tashkilotchilikni o’rgandim. Eng asosiysi orzuyim — oliy ta’lim muassasasiga, o’zim istagan yo’nalishga davlat granti asosida o’qishga kirish imtiyozini qo’lga kiritdim. Ayniqsa, viloyat hokimining shaxsan o’zlari tantanali marosimda ishonch bildirib, imtiyozli tavsiyanomani topshirganlari ko’nglimni tog’dek ko’tardi. Bu ishonch menga katta mas’uliyat yukladi.

Shahnoza Choriyeva ayni paytda Termiz davlat universitetining tarix fakultetida tahsil olayapti. O’qish-o’rganish bilan birga universitetning jamoat ishlarida, tadbiru kechalarida faol.

Sayyora ALLAYEVA

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

42 yil avval uchinchi Renessansni boshlagan ayol

Aksariyat odamlardan rahbarlikka ishtahasi boryo‘qligini so‘rasangiz, jon-jon, deya bunga rozi bo‘lishini aytadi, tag‘in boshqa birovlar …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan