Бош саҳифа / Маданият / Ichikkan ichki turizm

Ichikkan ichki turizm

Mabodo madaniy hordiq olishni o‘ylab qoldingiz, qay manzilni ixtiyor etasiz? Insonning tabiati turlicha ekan, istovi ham, qalb qistovi ham shunga yarasha bo‘ladi. Ruhiyatiga yaqin va xotirjamlikka erisha oladigan maskandagina o‘zini topadi, o‘zligini tuyadi. Gapim psixologlarning atamalari izohiga yo‘g‘rilmay turib, mavzuga qaytsam: “Ichki turizm”.

Chet elniki desa xo‘rozqandni yotib olib yalaydiganlar sirasidan bo‘lmaganlar O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga otlanadi. Va yoki cho‘ntak ko‘taradigan taklifga javob qaytara oladi. Kam tushumli oilalarning sayohat hududi yashash manzilidan uzoqlashmaydi. Mablag‘ ortgani sari masofa ham oshadi. Viloyatdan viloyatga, respublikadan o‘zgasiga yo‘llar ochiladi. Yana mavzular va qarashlar borasida “o‘tlab” ketmasimdan avval asl mohiyatga to‘xtalsam: “Sayohat dam olishni bilgan kishigagina zavq beradi. O‘zini sevgan kishi esa sayr-u sayohatdan tonmaydi”. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ichki turizm orqali 200 ming dan ziyod aholini ish bilan ta’minlash mumkin. Bunisiga nima deysiz? Ichki turizm marshrutlari, turistik xizmatlar ko‘rsatish, hududlarni turizm salohiyati va jozibasini oshirib, ularni targ‘ibot qila olish muhim. Zero, O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi sayyohlik imkoniyatlaridan to‘la foydalanilmayapti. Xalq orasida ularni bilmaydiganlar, ko‘rmaganlar esa hali ko‘p. Qolaversa, har bir hududda imkoniyat ham, sayohatchilar diqqatiga sazovor joylar ham yetarlicha. Biz esa viloyatimizda ichki turizm qay bosqichda ekani bilan qiziqdik.

Yangi qonunga ko‘ra viloyatimizning bir qator tarixiy obidalari yangicha qiyofa kasb etadi. Qisqasi, pardozlanadi. Termiz shahridagi “Qirqqiz” qal’asi restavratsiya qilinadi. Atrofi 3D panjara bilan o‘raladi. Obyekt ichida to‘rtta eshik o‘rnatiladi. Bu degani endi Qirqqizda bo‘lganlar xarob manzilni emas, obod va tarix namoyon maskanni ko‘radilar. Lekin, bu Qirqqiz o‘z davridagi singari qayta tiklanadi degani emas. Bunga na mablag‘, na mutaxassis bor. Hammasi rejaga asosan, xolos. Kokildor ota xonaqosining tom qismi ta’mirlanadi. Bu yerda ham obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Biroq, mablag‘ navbatdagi o‘zgarishsiz takror bilan kifoyalanadi. Termiz tumanidagi Zo‘rmola, Fayoztepa, Qoratepa, Sulton Saodat arxeologik yodgorliklari ham obodonlashtiriladi. Vaholanki, bu obodonlashtirish birinchisi ham emas, oxirgisi ham bo‘lmaydi. Afsuski, ajratilgan mablag‘ shularga yetadi, xolos. Na arxeologik obida atrofi turistlar uchun munosib xizmat ko‘rsatish obyektlari bilan boyiydi, na ziyoratchini uzog‘i bilan 10-15 daqiqa ushlab qola oladi. Har bir manzil turizm o‘chog‘iga aylanish uchun nimadir ilgak bo‘lishi lozimki, odamlar diqqatini tortsin. Afsuski, Qirqqiz manzili anorzor orasidagi xarobadek bo‘lsa, xonaqoh havo aylanadigan vestibyul, xolos. Zo‘rmola, Fayoztepa, Qoratepa esa qazishmadan qolgan bir uyum tuproq. Sulton Saodat majmuasi qabristonlar orasidagi xilvat joy. Bir qarashda shunday. Chunki, ularning hech biridan gidsiz biror-bir tarix nishonasi topa olmaysiz. Hattoki qiziq ham tuyulmaydi.

Yo‘l azobi

998,4 kilometr uzunlikdagi yo‘llar sabr kosangizni to‘ldiradi. Ularning 359,3 kilometrida asfalt beton yotqizish ishlari amalga oshirilishi lozim. Qolganiga esa qum-shag‘al yotqiziladi. Ichki yo‘llar haqidagi ushbu faktning ahamiyatli jihati shundaki, bu bunyodkorlik ishlari aynan turistik obyektlarga eltuvchi yo‘llardir. Boysunning “Omonxona” turizm qishlog‘ida shifobaxsh suvga eltuvchi yo‘lning joriy ta’miri, yo‘l bo‘yida sayyohlar uchun velo va piyodalar yo‘lini tashkil qilish, qishloq yo‘llarida yoritish tizimini yo‘lga qo‘yish muhim, qolaversa, tumandagi hunarmandchilik markazi hamda “Xo‘ja Qo‘chqor ota” ziyoratgohiga olib boruvchi yo‘llar avtouloving “uchadigan” darajada o‘nqir-cho‘nqir. Bunisi holva, hali har bir tarixiy yodgorlikka olib boruvchi yo‘ldagi turizm yo‘l ko‘rsatkichlarini o‘rnatish ham lozim. Shu jumladan, Oltinsoy tumanidagi “So‘fi Olloyor” maqbarasi, Sherobod tumanidagi “Imom Abu Iso Muhammad at Termiziy” majmuasi, “Xo‘jaikon” tuz g‘origa eltuvchi yo‘llarda ham shu kabi muammolar bo‘lsa, Sho‘rchi tumanidagi “Dalvarzintepa” yodgorligi, Termiz shahri va Termiz tumanidagi yodgorliklar ham bu kabi o‘zgarishlarga anchayin ehtiyojmand. Ziyoratgohlarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar sirasiga yo‘l ta’miridan tashqari viloyat markazidan va boshqa yirik aholi punktlaridan ziyoratgohga olib keluvchi yo‘l ko‘rsatgich va axborot belgilarini o‘rnatish, sayyohlar uchun ziyoratgohga avtotransport vositalarining navbatlar hosil qilmasdan kirib-chiqishi uchun qulay harakatlanish rejasini ishga tushirish hamda transport vositalari (avtomobil va avtobus) uchun alohida avtoturargohlar tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. Bu kunga yetadigan obidalarimiz quyidagilar, xolos: “Imom Abu Iso Muhammad At-Termiziy”, “Al Hakim At-Termiziy”, “Xo‘jamayxona”, “So‘fi Olloyor”, “Xo‘jaipok ota”, “Sulton Saodat” majmualari. Ziyoratgohlarda navbatlar va tirbandliklar, shuningdek, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, obyekt bo‘ylab ziyoratchilar oqimini taqsimlash rejalarini ishlab chiqish va yo‘lga qo‘yish, ibodat marosimlarini uyushtirish jarayonlarida (namozlar) ziyoratchilarni joylashtirish sxemasini ishlab chiqib amalga oshirish hamda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ustuvor ravishda ziyoratgoh atrofida oilaviy mehmon uylarini tashkil qilish uchun 30 million so‘mgacha kreditlar taqdim qilinishini yo‘lga qo‘yish va ziyoratgohda sanitar-gigiyenik talablarga amal qilgan holda hojatxona va kushxonalarni tartibga keltirish choralarini ko‘rish kabi o‘nlab rejalar tasdiqlangan. Lekin…

Хurshid Karshiyev

Davomi gazetamizning 38-sonida

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

10 barmog’idan hunar tomsin

Esimda qishi bilan jundan ip yigirib kalava qilgan buvim yozda ularga turli rang berib, katta …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan