Бош саҳифа / Жамият / Hujjatimni bering, akajon

Hujjatimni bering, akajon

Katta bogʻ. Rang-barang gullar… Bulbullar ovozi sirli navo kabi. Quyosh qizarib, ufqqa bosh qoʻymoq ilinjida sekin-asta botib borayotir. Bogʻda alvon gullar kamalak chiroyini yanada aniqroq namoyon etmoqda. Bulbulning xonishiga mos ravishda chayqalayotgan gullar bexos rangsizlanib, qovjirab qolishdi. Bulbul ham daraxt shoxidan jonsiz tosh misoli yerga qulab tushdi. Birpasda kuchli dovul boshlanib, dahshatli sel kela boshladi. Qoʻrquvdan qattiq chinqirib yuborgan Jamshid oʻz ovozidan choʻchib uygʻondi.

 Tong yorishib kelardi. Hovliga chiqsa, oʻrtoqlari choy ichib oʻtirishibdi. Oqib turgan suvda yuzqoʻlini yuvgan Jamshid doʻstlarining yonidan oʻrin oldi. Ular yana kechagi masala yuzasidan bahslashishdi. —Nima boʻlganda ham anovi taqirbosh Kamoldan pasportimizni olishimiz kerak? — dedi qoʻllarini musht qilib olgan Odil.

— Oʻzi boshidanoq pasportimizni unga bermasligimiz kerak edi, — dedi Jamshid bir tishlam nonni ogʻziga solarkan. —Oʻzimiz biroz eʼtiborsizlik qildikda. Endi u yoʻlkiramiz uchun sarflangan pulni bizdan olmaguncha hech birimizning hujjatlarimizni qaytarib bermaydi.

— Qanaqa pul? Ikki oydan buyon hoʻkizday ishlab, bir soʻm ham olmagan boʻlsak. Bu yoqqa kelishdan oldin Kamolning oʻzi menga: “Yaxshi ishlasalaring, yoʻl xarajatlarini oʻn besh kunda topasan. Senga aytsam, uch oyda bitta mashinaning pulini ishlashing mumkin. Asl hayot, yashash u yoqda” degandi. Ammo, haligacha yoʻlkira haqini toʻlay olganimiz yoʻq. Oʻzi otamning: “Oʻgʻlim, bizdan oldingilar bekorga: «Har yerni qilma orzu, har yerda bor tosh-tarozu» demagan. Oʻzga yurtlarda hech kimni tanimasang, issiq-sovugʻingdan kim xabar oladi. Xotining, hali yoshiga toʻlmagan farzandingni tashlab ketib, nima qilasan oʻsha begona yurtlarda. Shu yerda biror-bir ishning boshini tutsang boʻladiku?!. Ana qoʻshnimiz Sobirga shogirdlikka tushsang, ikki oyda yaxshigina usta boʻlasan” degan gaplariga quloq tutsam boʻlarkan. Koʻproq pul topaman, kelib imorat qurib, mashina olaman, deb kelgan joyim shu yer boʻldi, — deya afsuslanib bosh chayqadi toʻrda oʻtirgan Zoir.

 — Endi buyogʻiga nima qilish haqida oʻylaylik. Qanday boʻlmasin hujjatlarimizni qoʻlga kiritib, bu yerdan qochib ketishimiz kerak. Sen nega jimsan, biror narsa desang-chi? — deya bir nuqtaga tikilib qolgan Jamshidga yuzlandi Odil. Yon-veriga qarar ekan, Jamshid ogʻir xoʻrsindi. Oldida turgan sovuq choyni ichar ekan sekin gap boshladi.

 — Nimagadir koʻnglim xijil. Qiladigan ishimizning keyinini, oqibatini oʻylashimiz kerak. Rejaga koʻra, Kamolni Zoir gap bilan chalgʻitib turganda, orqadan Odil bilan Jamshid “hujum”ga oʻtishi kerak edi. Biroq, Kamol bir oʻzi emas, aksincha, notanish kimsalar bilan kirib keldi.

— Mana shu yigitlar. Nima desanglar bajaradi. Aytib qoʻyay ish haqini besh oyligini oldindan berasizlar, — dedi Kamol kelganlarga.

Oʻzaro kelishuvdan soʻng Kamolning sheriklari ketdi. Aytilgan pullarni olgan Kamol yigitlarga yangi ishxonalarini ogʻzidan bol tomib maqtadi. Hamqishlogʻi tomonidan yana bir yilga “sotilayotganligini” payqagan Zoir bu yerga kelishidan oldin bergan vaʼdasini bajarishini, undan keyin uning aytganini qilishi mumkinligini aytganda Kamolning jahli chiqdi.

— Hov, menga qara, seni shu yergacha olib kelish menga arzonga tushgani yoʻq. Sen bolaga mening hisobimdan ovqat yeb, tinchgina uxlash yoqmayapti, shekilli. Qurgan imoratimni koʻrib, meni ham oʻzing bilan olib ket deb iltimos qilgan oʻzing-ku. Bu yerda mening aytganim boʻladi. Senlar menga quls-a-a-a…

Oxirgi soʻzlarni eplab aytolmagan Kamol nima boʻlayotganini anglolmay qoldi. Uning boʻyniga arqon solgan Jamshid va Odil uni bo‘gʻa boshladi. Uddaburon yigitlarga boʻsh kelmagan Kamol ularga chap berdi. Yerda yotgan beton boʻlaklaridan birini olgan Kamol Jamshidga tashlandi. Boshiga urilgan kuchli zarbadan Jamshid oʻzini oʻnglolmay yiqildi. Yerparchin boʻlib yotgan yigitni hadeganda oʻrnidan turmaganiga hech kim eʼtibor bermadi. Voqeaning bunday tus olishini kutmagan Zoir zoʻrgʻa nafas olayotgan Jamshidni turgʻizishga harakat qildi.

Ammo… Kamol qilgan aybini “yuvish” uchun ularning qoʻliga moʻmay pul va hujjatlarini berib, oʻzi birga ortga qaytdi. Ne-ne niyatlari, orzulari oʻzi bilan boqiy dunyoga rihlat qilgan Jamshidning otaonasi, rafiqasi va ikki nafar farzandi boʻzlagancha qoldi. Bir qancha insonlarning haq-huquqini poymol qilganlikda va Jamshid ning qotili sifatida jinoiy javobgarlikka tortilgan Kamol tegishli jazosini oladigan boʻldi.

Nigina SHOYEVA

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Янги ўқув йилидан хорижий тиллар ўқитувчиларига 50 фоиз устама тўланади

021 йил 19 майда давлат раҳбарининг “Ўзбекистон Республикасида хорижий тилларни ўрганишни оммалаштириш фаолиятини сифат жиҳатидан …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan