Бош саҳифа / Иқтисодиёт / Har jihatdan afzal tizim

Har jihatdan afzal tizim

 Odamlar orasida bo‘lsangiz, har xil yangiliklardan voqif bo‘lasiz. Ish yuzasidan Termiz tumani aholi bandligiga qarshi kurashish markaziga borganimda navbatda turgan odamlarning turfa mavzularda gurungi qizirdi.

— Yoshim bir joyga borib qoldi. Shuning uchun yashab turgan uy-joyimni o‘g‘limning nomiga rasmiylashtirib berish uchun notariusga murojaat qilgandim, elektr energiyasi iste’molidan 120 ming so‘m qarzim borligi notarius elektron bazasida ko‘rinib turarkan. Notarius xodimi qarzimni to‘lasam, shu zahotiyoq hujjatimni rasmiylashtirib berishini, boz ustiga qarzdorlik so‘ndirilgani xususidagi ma’lumotnomani keltirish uchun elektr ta’minoti korxonasiga borishim shart emasligini tushuntirdi, — deya mamnun so‘zlardi 75 yoshli onaxon Umida Erkayeva yonida o‘tirganlarga. — Pulni bankka to‘ladim-u notariusga qaytib bordim. Notarius xodimi hujjatlarimni rasmiylashtirishga kirishdi.

— To‘g‘ri aytasiz, — deya uning so‘zlarini tasdiqlagan bo‘ldi o‘zini Erkin Saidov deb tanishtirgan otaxon. — Bundan bir yilcha ilgari aynan uy-joy oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha men ham notariusga borgandim. O‘shanda gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvidan qarzimiz yo‘qligi haqida notariusga ma’lumotnomalar taqdim etgandik. Xususan, gaz ta’minoti korxonasidan qarzdorlik yo‘qligi haqidagi ma’lumotnoma olish uchun bir kunlab ovora bo‘lardi odamlar. Chunki, gaz ta’minoti korxonasiga borasan, “qarzi yo‘q” degan mazmun-dagi ma’lumotnomaga imzo chekdirish uchun yo hisobchisi bo‘lmaydi yoki rahbari yig‘ilishga ketgan bo‘ladi. Qisqasi, “qarzi yo‘q” degan mazmundagi bir parcha ma’lumotnoma keltirish uchun soatlab vaqting ketar, ovorayu sarson bo‘lardik. Endi yaxshi bo‘libdi, iste’molchilar uchun qulaylik yaratilibdi.

Darvoqe, yaqin-yaqingacha uy-joy oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishda notariuslarga murojaat qilgan shaxslardan “suv oqava”, gaz va elektr ta’minoti korxonalari hamda soliq, chiqindi yig‘ish tashkilotlaridan “qarzdorlik yo‘q” mazmunidagi ma’lumotnomalar talab qilinardi.

Endi esa bu tashkilotlar ma’lumotlari elektron bazaga ulangan. “Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJda iste’mol qilingan elektr energiyasini hisobga olishda avtomatlashtirilgan tizim (ASKUE) joriy qilinayotgani tufayli iste’mol qilingan elektr energiyasidan qarzdorlik peshma-pesh so‘ndirilayapti.

“Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJdan olingan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kungacha viloyat bo‘yicha mavjud 522675 ta aholi va ulgurji iste’molchilarning 428 760 tasi xonadoni hamda tashkilotlaridagi hisoblagichlar zamonaviy elektron hisoblagichlarga almashtirilgan.

Hozircha ularning 102213 tasi billing tizimiga ulanib, elektr quvvatini taqsimlovchi tarmoqlarga (transformatorlar) konsentrant o‘rnatildi. Bu esa elektr energiyasidan tejamli foydalanish imkonini yaratmoqda.

— Shu paytgacha aholi va ulgurji iste’molchilar elektr energiyasidan beparvolarcha foydalanishardi, — deydi “Sur-xondaryo HET” AJ energiya sotish bo‘limi hisobchisi To‘ra Annayev. — Ba’zi oilalar bo‘lar-bo‘lmasga xonadonlaridagi lampochkalarning besh-oltitasini yoqib qo‘yishardi.

Ayrim tashkilotlar yoki xona-donlarga borganimizda kunduz kuni ham lampochkalar yoqib qo‘yilganiga duch kelardik. Natijada oy sayin qarzdorlik o‘sib borardi.

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, barcha sohalarda bo‘lgani singari elektr ta’minoti korxonalarida ham raqamli iqtisodiyotga o‘tish zamon talabi.

Mutaxassislarning e’tiroficha, elektr ta’minotida ASKUE tizimi joriy etilgan manzillarda qarzdorlik keskin pasayib, to‘lov intizomi yaxshilanayapti. Misol uchun, yanvar oyida viloyat bo‘yicha aholi va ulgurji iste`molchilardan iste`mol qilingan energiya uchun 20 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ tushgan.

— Tumanimizda tog‘ qishloqlari ko‘p. Ayrimlari tuman markazidan ancha olis. Boz ustiga, nari borsa, 15-20 xo‘jalik yashaydigan bunday qishloqlarda uylarning siyrak, biri-biridan uzoq joylashgani, bu esa katta xarajat talab qilishi va dengiz sathidan juda balandligi bois elektr liniyasi tortib borishning iloji yo‘q. Shunga qaramay Vochax, Ustoch, Kundayijuvoz, Turmushobod kabi tog‘li qishloqlarda yashayotgan aholi xonadonlari chiroqsiz emas. Ular muqobil energiya batareyalaridan foydalanishmoqda, — deydi Sariosiyo tumani elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari Akbar Davlatov. — Aholini elektr energiya bilan barqaror ta’minlash maqsadida tuman hokimligi va Oliy Majlis Senati a’zosi Abdug‘ani Sanginov homiyligida yaqinda “Bog‘ishirin”, “Chilonzor”, “Chosh”, “Seb-zor”, “Terakzor”, “Do‘stlik”, “Nelova” va “Bog‘iobod” mahallalari hududida 9 ta 250 KVAli transformatorlar o‘rnatildi. Bundan tashqari, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga tushgan o‘nga yaqin qishloqlarda o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida o‘rnatilgam va eskirib qolgan yog‘och simyog‘ochlar betonlilariga almashtirilayapti. Eskirgan, salqi bo‘lib qolganligidan shamol bo‘lsa bir-biriga tegib qisqa tutashuvlar sodir etayotgan alyumin simlar to‘rli (subprovod) simlarga almashtirilayapti. Bu xavfsizlikni ta’minlash barobarida energiya sarfini kamaytirishga xizmat qiladi.

— Tumanimizda ASKUE tizimini joriy qilinishi, ayniqsa, qishloq joylarda aholi xonadon-laridan iste’mol qilingan energiya pulini so‘ndirishda juda qo‘l kelayapti, — deydi Sariosiyo tumani elektr ta’minoti korxonasi bo‘lim boshlig‘i Anvar Zaripov. — Iste’mol qilingan elektr energiyasi to‘lovini undirish nazorati majburiy ijro byurosi vakillariga berilmagan paytda birgina Sariosiyo tumanida 54 nafar nazoratchi faoliyat ko‘rsatib, ular xonadonma-xonadon kirib nari borsa bir haftada 50 million so‘m undirishardi. ASKUE tizimi joriy etilgach, nazoratchilarsiz ham iste’molchilar elektr energiyasi to‘lovini o‘z xohishlari bilan to‘lashmoqda.

— Elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy qilina boshlagandan beri idoralararo yagona elektron hamkorlik bazasi orqali notarius, davlat xizmatlari, kadastr, soliq xizmati va boshqa xizmatlar birlashtirilib, fuqarolarni ovora qilishlarga barham berilib, qog‘ozbozlik kamayayapti, — deydi “Surxondaryo HET” AJ bo‘lim boshlig‘i Maqsud Mengliyev. — Yuqorida nomlari keltirilgan tashkilotlar elektron bazalariga energiya iste’molchilariga oid barcha ma’lumotlar kiritilgan. Shuningdek, tashkilotlar, korxonalar, muassasalarning energiya iste’moliga oid shartnomalarni idorama-idora kirib tarqatish tartibiga chek qo‘yilib, qarzdorlik holatlari aniqlanganda hisob fakturalari ham dastur orqali jo‘natilmoqdaki, bu hisob-kitobni tezlashtirib, qog‘ozbozlikni kamaytirayapti. Muhimi, ASKUE tizimi noqonuniy ravishda elektr tarmoqlariga ulanish va energiyadan noqonuniy foydalanishni bartaraf etadi. Bundan keyin aholi ham, ulgurji iste’molchilar ham energiyadan tejab-tergab foydalanadi.

— Hozir xoh shaharda, xoh qishloq joylarda bo‘lsin, ba’zi shaxslar yashab turgan uylarining ortiqcha xonalarini yoki boshqa manzildagi bo‘sh uylarini ijaraga berishayapti. Avval ijarada yashagan fuqarolar yillab elektr energiyasini to‘lamaslik hollari bo‘lgan. Ular boshqa joyga ketib qolgach qarzdorlikni mulk egalari to‘lashga majbur edi. ASKUE tizimi elektr energiyasidan foydalanishga foydalanib, haqini to‘lashga kelganda g‘irromlik qilib ketadigan fuqarolarning ham xurmacha qiliqlariga chek qo‘yadi.

USMONALI NORMATOV

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

1 июлдан пенсия ва нафақалар оширилди

Президентнинг 2021 йил 4 июндаги “Аҳолини ижтимоий қўллаб-қувватлаш тизимини янада такомиллаштиришга қаратилган қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида”ги …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan