Бош саҳифа / Маданият / El bolasin o‘ylagan kitobdor

El bolasin o‘ylagan kitobdor

Bir kitob bir olam ma`naviy ozuqa, bir olam yangi fikr demakdir. Endi 10 mingta shaxsiy kitobi bor insonni tasavvur qilavering. Muzrabotlik qahramonimiz Do‘stqobil Qodirov yosh avlodga uzoq yillar ta`lim-tarbiya berish bilan birga kitobxonlik borasida yoshu-qariga ibrat bo‘lib kelayotgan insonlardan biri. U kishi yoshligidan kitobga do‘st tutinib, tanlab, saralab kitob mutolaa qilgan va ushbu bilim manbalarini jamlagan. Ammo kitoblarni saqlash, ularni kitobxonlarga yetkazishning o‘zi mushkul. Buning uchun alohida sharoit va joy hozirlanishi kerak bo’ladi.

Yillar davomida yig’ilgan noyob kitoblar xazinasidan yosh avlod munosib foydalanishi, o‘qib o’rganishi uchun sharoit yaratish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan Do‘stqobil Qodirovga uyi yaqinidan, tumandagi 7-maktab qoshidagi ancha yillardan buyon tashlandiq joyga aylangan eski ustaxona o’rnida uy kutubxonasi qurib berildi. Uning uy kutubxonasida 10 mingdan ortiq kitob hamda 2 mingdan ortiq elektron kitoblar ham joy olgan. Do‘stqobil Qodirovning 4 xonadan iborat uy kutubxonasi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Jumladan, 2 ta keng, katta va shinam o’quv zali, so‘nggi rusumdagi kompyuterlar o‘rnatilgan ko’rkam xona, kitobxonlar zali har qanday kishining havasini keltiradi. Bu yerda yaratilgan sharoit va kitoblarni ko’rib kitob mutolaa qilganing sayin zavqing oshib, yana yangi va yangi asarlarni o’qiging kelaveradi kishi. Kutubxona atrofiga esa manzarali daraxtlar va turfa gullar ekilib ko’kalamzorlashtirilganki, bu ham ziyo maskaniga yanada fayz bag’ishlab turibdi.

Qishloqda zamonaviy kutubxonaning bunyod etilishi 7-maktab, 10-ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchilari bilan bir qatorda mahallaning yoshu qarisiga bir olam quvonch bag’ishladi. Chunki, ular endi qiziqarli kitoblarni izlab uzoqqa yurishmaydi. O‘qib-o‘rganib ilm olishni, ma`nan yuksalishni maqsad qilgan insonlar uchun bundan ortiq imkoniyat bo‘lmasa kerak, nazarimda.

Do‘stqobil Qodirovning zamonaviy uy kutubxonasida Al Hakim at-Termiziy, Abu Iso Muhammad imom Termiziy singari buyuk allomalarning asarlaridan tortib, o’zbek va jahon adabiyotining noyob durdonalarini ham uchratish mumkin. Ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, ma’naviy-ma’rifiy sohalarga oid kitoblar va talabalarga zarur bo‘lgan qo’llanmalardan ham bahramand bo‘lishingiz mumkin.

Do‘stqobil Qodirov Abu Rayhon Beruniyning: “Kitob o‘qib, ilm egallash dastlab, aхloqiy poklikni talab qiladi. Shuningdek, ta’lim va tarbiya bir butunlikni ko‘rsatadi. Faqat ana shu borliqqa amal qilgan insonlargina kamolot sari bora oladi”, – degan hikmatli so‘zlarini bot-bot takrorlaydi. Yoshlarga doimo kitob o‘qish insonni komil inson darajasiga olib chiqishini, yoshlikdan ilm egallashini uqtiradi. O‘zi ham ularga qo‘shilib mutolaaga tutinadi.  

  • Yoshligimdan kitob bilan do‘st tutindim, nimagaki erishgan bo‘lsam kitob tufaylidir, – deydi Do‘stqobil Qodirov. – Qaysiki viloyat yoki shaharlarda safarda yoki sayohatda bo‘lmayin qaytishda, albatta, bir qo‘ltiq kitob bilan qaytar edim. Qatra-qatra yig’ilib daryo bo‘ladi, deganlaridek kutubxonamda o‘n mingdan ortiq kitob yig’ilib qolibdi. Keyingi paytlarda ularning taqdiri haqida tashvishda edim. Ya’ni ularni qanday saqlayman, qanday qilib kelajak avlodga yetkazaman, degan o‘y menga tinchlik bermasdi. Ollohga ming shukrki, davlatimiz rahbarining e’tibori tufayli kitoblarimdan nafaqat mahalla ahli, balki tumandagi kitobsevarlar, ziyolilar, talabalar, tibbiyot xodimlari foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Kitobdorning hayot  chizgilariga razm soladigan bo‘lsak, Muzrabot tumani “Obi hayot” mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Do‘stqobil Qodirov 1947 yilda Boysun tumanida tug’ilgan. 48 yil ta’lim tizimida faoliyat yuritgan. O‘zbek tili va adabiyoti fanidan yosh avlodga ta`lim-tarbiya bergan. Farzandlarining barchasi oliy ma’lumotli. O‘g’li Umarali Qodirov fan doktori, Hasan Qodirov esa Muzrabot tuman DSIda faoliyat yuritib kelmoqda. Qizlari Feruza, Latofat, Surayyo, Zuhra ham ota-ona kasbini tanlagan.

Tinib-tinchimaydigan Do‘stqobil bobo bugun ham izlanishdan, harakatdan to‘xtamaydi. Yangilikka intiladigan, tuman va viloyatda o‘tkazilgan turli ko‘rik-tanlovlarda faol qatnashib, eng yaxshi voiz, mahallaning keksalar bo‘yicha maslahatchisi ko‘rik tanlovlarining viloyat bosqichida g’oliblikni qo‘lga kiritgan.

So‘nggi yillarda ijod bilan mashg’ul bo‘layotgan faxriyning 2020 yilda “Ilk qaldirg’ochlar parvozi”, “Ardog’imdagi odamlar”, “Ta’lim va tarbiya – komillik garovi” nomli kitoblari nashrdan chiqdi.

D. Qodirov hozir ham maktablarda bo‘lib, o‘zining ish tajribasi bilan o‘rtoqlashib, ta’lim tizimidagi islohotlarni hayotga tatbiq etishda hissa qo‘shib kelmoqda. Zaxmatkash insonning mehnatlari munosib rag’bat topdi. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.

Bir umr kitob qo’ltiqlab, yangidan yangi asarlarni mutolaa qilib, elning oldi bo‘lib, keksalik davrida ham ziyo ulashib yashayotgan Do’stqobil Qodirovning hayoti va faoliyati boshqalarga o‘rnak bo‘lgulik. Bularning bari ortida chinakam mehnat, ilm yotgani ayni haqiqat. 

Adolat MO‘MINOVA

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Ijodkor o‘qituvchilar nazmi

“Surxon nashr” nashriyotida chop etilgan “Ustoz va shogird” kitobining mualliflari — mutaxassisligi bo‘yicha fizika-matematika fani …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan