Бош саҳифа / Жамият / Chetga chiqay desang, “chet”da turma!

Chetga chiqay desang, “chet”da turma!

Keyingi yillarda xorijda ishlayotgan, chet elda ishlash istagini bildirayotgan fuqarolarga nisbatan munosabat tubdan o‘zgarib, mehnat migrantlari bilan muloqot o‘rnatildi, ularning muammo va ehtiyojlarini o‘rganish hamda hal qilish bo‘yicha yangi tizim joriy qilindi.

Jumladan, Prezidentimizning o‘tgan yilning 15-sentabridagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham tashqi mehnat migratsiyasi qonun hujjatlari bilan mustahkamlab qo‘yilgani buning yaqqol isbotidir.

Aynan shuning uchun ham xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg’armasi tashkil etildi. Mehnat migrantlarining hayoti va sog’lig’ini sug’urtalash, ular uchun munosib mehnat sharoitini ta`minlash, xorijga tashkillashtirilgan holda yuborishni kengaytirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Avval taklif, keyin talab deganlaridek, xorijiy davlatlarda ishlamoqchi bo‘layotgan fuqaro ma“lum bir bilim, malaka va tajribaga ega bo‘lishi ham muhim. Shuning uchun xorijda ishlashistagidagi shaxslarni talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish dolzarb masalaga aylandi.

Quvonarli tomoni shundaki, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkillashtirilgan holda xorijda ishga joylashtirish, ular bilan doimiy muloqotda bo‘lish va muammolarini tizimli hal qilishni tashkil etish, Vatanga qaytib kelganidan so‘ng ish bilan ta’minlash maqsadida, 2021-yilning 1-yanvaridan boshlab tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijga chiqib ketayotgan shaxslar ishga yuborilishidan oldin davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘qitilish boshlandi. Faqatgina xorijiy ish beruvchining malaka talablariga javob beradigan shaxslar bundan mustasno.

Mehnat migratsiyasiga chiqib ketayotgan shaxslarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish uchun hududlarda “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslari, mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari tashkil etilgan bo‘lib, ayni paytda viloyatimizda ham xuddi shunday kasbga o‘rgatishga mo‘ljallangan markazlar faoliyat yuritmoqda.

Jumladan, Sherobod va Oltinsoyda ikkita kasb-hunarga o‘qitish markazi, viloyatning turli hududlarida 17 ta mahallada o‘quv kurslari, Denov tumanida “Ishga marhamat” mono markazi ishlab turibdi. Angor tumanida ham bunday markaz tez orada ishga tushishi kutilayapti. Markazlarda boshqa fuqarolar bilan bir qatorda xorijga ishga ketish istagidagi 437 nafar vohadoshimiz ham kasb-hunarga o‘qitilayapti.

—  Yil boshidan buyon jami 288 nafar fuqaro tashkillashtirilgan tartibda xorijga ishga yuborildi, — deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi viloyat filiali bosh mutaxassisi Umid Hasanov. — Birgina fevral oyining o‘zida 221 nafar, yanvarda esa 67 nafar fuqaro xorijga chiqib ketgan bo‘lib, shundan 65 nafari Rossiya Federatsiyasiga, 2 nafari Janubiy Koreyaga ishlashga ketdi. Ushbu fuqarolar asosan erkaklar bo‘lib,  ko‘pchiligi qurilish sohasida asosan, elektrik, santexnik, quruvchi, oshpaz kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritish uchun yuborilgan. Ishga yuborilgan fuqarolar kamida bir yil ishlab berishi kerak bo‘ladi. Ammo, xorijda ishlayotgan fuqaro u uchun sarflangan harajatlarni, ya`ni yo‘l haqini to‘lash va mehnat faoliyatiga ruxsat olish kabi harajatlarni to‘lab bo‘lgach, yana uyiga qaytib kelishi ixtiyorida.

Boshqa davlatlar bilan bir qatorda Germaniyaga ham ishga takliflar tushayapti. Faqat bunda fuqarolarga qator talablar bor. Ya`ni Germaniya davlatiga borib ishlash istagidagi fuqarolardan nemis tilini B1 darajasida bilish, yosh doirasi esa 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lishi hamda kamida uch yil o‘sha davlatda ishlashga tayyor bo‘lishi nazarda tutilgan. Belgilangan talab va me`yorlarga javob bera oladigan fuqarolar suhbat asosida tanlab olinadi va o‘sha mamlakatda ular mutaxassislik bo‘yicha ham o‘qib, ham ishlashlari mumkin bo‘ladi. Hozircha bizga 18 nafar talabgor murojaat qildi. Fuqaro shartnomaga asosan, uch yil ishlab berishi lozim bo‘ladi.

Joriy yilning 1-yanvaridan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oila a’zosi sifatida e’tirof etilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan shaxslarga mikroqarzlar berish tartibi ham joriy qilingan bo‘lib, ushbu mikroqarzlar xorijda ishga joylashish (shu jumladan, yo‘l haqini to‘lash va mehnat faoliyatiga ruxsat olish) bilan bog’liq xarajatlarni qoplash uchun 10 million so‘mgacha miqdorda bir yil muddatga berilishi belgilab qo‘yilgan. Qulay tomoni shundaki, mikroqarz foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilib beriladi. Bunda, mikroqarz hamda unga hisoblangan foizlar qarz oluvchining (oila a’zolarining) topshirig‘iga muvofiq ularning hisobvaraqlariga xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari orqali kelib tushgan mablag‘lardan ushlab qolish yo‘li bilan hamda qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan boshqa usullarda to‘lanishi mumkin.

Yana bir gap. Bugun tashkillashtirilgan tarzda ishga ketish ertangi kun uchun ham zamin hozirlaydi. 2021-yilning 1-yanvaridan boshlab, tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug’ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlariga tenglashtiriladi va unga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan soliqlarni to‘lash hamda pensiya miqdorini hisoblash tartibi qo‘llaniladi.

Rossiyadan kelib til o‘rgatish, dars o‘tish maqsadida mutaxassis tashrif buyurgan vaqtda ba`zi bir fuqarolar o‘qimasdan ketib qolish hollari ham bo‘lgan.

Umid Hasanovning aytishiga qaraganda, fuqarolarning chet elga ketish tartiblariga keladigan bo‘lsak, fuqaro xorijga ketishdan oldin va borgandan keyin karonavirusga test topshiradi. 14 kun karantinda bo‘ladi va mobodo kasallik aniqlansa, shartnoma bo‘yicha ishga talif qilgan tashkilot davolanishini zimmasiga oladi. Ishga joylashgan fuqarolar hayoti sug‘urta qilinadi. Ishga borgan fuqarolar qulay mehnat sharoiti va yotoqxona, ovqatlanish masalalari ham shartnomada hisobga olinadi, albatta.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi nafaqat tashkillashtirilgan holda xorijga ketgan fuqarolarni, balki o‘z ixtiyori bilan chet elga ishlashga ketib, ishsiz, pulsiz qiynalib qolgan fuqarolarning ham muhofazasi haqida bosh qotiradi va ularga ham amaliy yordam ko‘rsatiladi. Og‘ir ahvolga tushib, pulsiz qiynalib qolish holatlarida o‘sha fuqaro Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining o‘sha davlatdagi bo‘limiga murojaat qilsa, uning Vatanga qaytishi harajatlari qoplanib, uyiga qaytariladi.

Rossiyaning turli hududlarida O‘zbekistonning Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining bo‘limlari ochilgan. Jumladan, Novosibirsk, Sankt-Peterburg, Moskva shaharlarida ham xuddi shunday filiallar faoliyat yuritayotir.

Masalaning yana bir tomoni, tashkillashtirilgan tarzda xorijga ketishni istagan fuqarolarga imkoniyat eshiklari ochilgan bir paytda, ixtiyoriy ravishda xorijga chiqib ketish istagidagilar ham yo‘q emasligida. Ammo, bu kabi o‘yda yurgan fuqarolar chetga chiqmoqchi bo‘lsangiz, siz uchun yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalaning, zero, yangiliklardan “chet”da yurmang deb qolamiz.

Adolat Mo‘minova

Бошқа маълумотни қидириб кўринг

Hujjatimni bering, akajon

Katta bogʻ. Rang-barang gullar… Bulbullar ovozi sirli navo kabi. Quyosh qizarib, ufqqa bosh qoʻymoq ilinjida …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan